Toshkentda O‘zbekiston-Qirg‘iziston siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi
Toshkentda O‘zbekiston-Qirg‘iziston siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi
2023-yil 21-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiyalarga O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi tashqi siyosat idoralari rahbarlari Baxtiyor Saidov va Jeenbek Kulubayev boshchilik qildi.
Vazirlar O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari kun tartibi jadal kengayib borayotganini ta’kidladilar.
Muzokaralarda bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi qo‘shma tadbirlar, munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni faollashtirish, yangi qo‘shma sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, hududlararo muloqotlarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
TIV rahbarlari siyosiy maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha Bayonnomani imzoladilar. Hujjatda davlatlararo munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari va kelgusi yilda erishiladigan aniq maqsadlar belgilab olingan.