O‘zbekiston delegatsiyasi Bangladeshga tashrif buyurdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Bangladeshga tashrif buyurdi
2023-yilning 18-19-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahromjon Aʼloyev boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi va Bangladesh Xalq Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasida ishtirok etish uchun Dakka shahriga tashrif buyurdi.
Maslahatlashuvlar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda O‘zbekiston-Bangladesh hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Rejalashtirilgan tadbirlar, jumladan, iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Bangladesh hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, istiqbolli investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
O‘zaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Turizm va to‘qimachilik sohalarida hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ikki mamlakat tadbirkorlik subyektlari, Savdo-sanoat palatalari, to‘qimachilik uyushmalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.
Muzokaralar kun tartibidan parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirish, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi muloqotni faollashtirish masalalari ham o‘rin oldi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Bangladesh tashqi ishlar vaziri Abdul Momen, Savdo vaziri Tipu Munshi, Bosh vazirning investitsiyalar va xususiy sanoat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Salmon Rahmon, Fuqaro aviatsiyasi va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Mokammel Xossain, Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi va “Bangladesh-MDH” savdo-sanoat palatasi, shuningdek, Bangladesh to‘qimachilik fabrikalari uyushmasi prezidentlari Jashim Uddin, Habibulla Doun va Muhammad Xokon hamda qator yetakchi sanoat kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokralarda tegishli sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Bangladesh ishbilarmon doiralari vakillari uchun O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyatining batafsil taqdimoti tashkil etildi. Tadbir O‘zbekistonda to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kabi sohalarda qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishga Bangladesh ishbilarmon doirasda qiziqishi yuqoriligini ko‘rsatdi.