O‘zbekiston delegatsiyasi Lyuksemburgga tashrif buyurdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Lyuksemburgga tashrif buyurdi
2023-yil 23-24-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi “O‘zbekiston - Yevropa Ittifoqi” hamkorlik kengashining 17-majlisida ishtirok etish hamda Yevropa mamlakatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari va Yevropa Ittifoqi vakillari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish maqsadida Lyuksemburgga tashrif buyurdi.
“O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” hamkorlik kengashi majlisi kun tartibidan siyosat, parlamentlararo, madaniy va ishbilarmonlik almashinuvlari, inson huquqlari himoya qilish va qonun ustuvorligini ta’minlash sohalaridagi O‘zbekiston-Yevropa hamkorligi masalalari o‘rin oldi. Yevropa tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mohiyati va ustuvorliklari haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni, shu jumladan “GSP+” tizimi doirasida, kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik jabhasida hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirish uchun yangi zamin yaratishga qaratilgan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash bo‘yicha muloqotni jadallashtirish muhimligi qayd etildi. Uchrashuvda “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatidagi hamkorlik istiqbollari, Afg‘onistondagi vaziyat va xalqaro siyosatning boshqa masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Lyuksemburgda mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari Baxtiyor Saidov Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozef Borrel hamda Xalqaro hamkorlik bo‘yicha yevrokomissar Yutta Urpilaynen bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan ikki tomonlama shaklda va mintaqalararo hamkorlik doirasidagi muloqotining dolzarb jihatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, Belgiya tashqi ishlar vaziri Xadja Lahbib, Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani, Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Pekka Haavisto, Fransiya tashqi ishlar vaziri Katrin Kolonna, Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy, Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto bilan alohida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlarda O‘zbekistonning ushbu mamlakatlar bilan siyosiy-diplomatik, savdo-investitsiya va madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.