Birinchi Xalqaro Islom Sivilizatsiyasi Forumi ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan Deklaratsiya

Birinchi Xalqaro Islom Sivilizatsiyasi Forumi ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan
Deklaratsiya
Biz, 2026-yil 7–8-iyul kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Birinchi Xalqaro Islom Sivilizatsiyasi Forumi ishtirokchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Janobi Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz hamda uning 2017-yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tarixiy tashabbusi zamonaviy jamiyat uchun alohida ahamiyatga ega ekanligini eʼtirof etamiz. Ushbu tashabbus islom sivilizatsiyasining boy insonparvarlik merosini tiklash, ilmiy oʻrganish va keng targʻib qilishga qaratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasida Islom Sivilizatsiyasi Markazining tashkil etilishi, uning faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish va Birinchi Xalqaro Islom Sivilizatsiyasi Forumining oʻtkazilishi mazkur tashabbusning amaliy ifodasi ekanligini bir ovozdan eʼtirof etamiz. Ushbu saʼy-harakatlar, shubhasiz, musulmon ummasining bebaho merosini oʻrganish, saqlash va targʻib qilish sohasidagi xalqaro hamkorlikning yangi davrini boshlab berdi.
Tinchlik, bagʻrikenglik, taʼlim, madaniyatlararo va dinlararo muloqot tamoyillariga asoslanib;
islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, taʼlimi, sanʼati, meʼmorchiligi hamda maʼnaviy va intellektual tafakkur taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasini qayd etib;
johillik, ekstremizm, ksenofobiya, islomofobiya va islom merosi haqidagi buzib koʻrsatilgan tasavvurlarga qarshi turish zarurligini tan olib;
diniy va madaniy merosni ilmiy oʻrganish xalqaro ishonchni mustahkamlash va barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidlab;
qadimgi va zamonaviy Oʻzbekiston hamda butun mintaqaning islom va jahon sivilizatsiyasining shakllanishi va rivojlanishiga qoʻshgan tarixiy hissasini eʼtirof etib, biz ushbu Deklaratsiyani qabul qilamiz.
I. Islom sivilizatsiyasi merosini oʻrganish, saqlash va targʻib qilish boʻyicha xalqaro hamkorlikning yangi asoslarini yaratish maqsadida Birinchi Xalqaro Islom Sivilizatsiyasi Forumi ishtirokchilari quyidagi global tashabbuslarni taklif etadilar:
1. Islom Sivilizatsiyasi boʻyicha Jahon Alyansi
Oʻzbekistondagi Islom Sivilizatsiyasi Markazi negizida Islom Sivilizatsiyasi boʻyicha Jahon Alyansini tashkil etish taklif etiladi. Ushbu alyans xalqaro tashkilotlar, ilmiy va taʼlim muassasalari, fan akademiyalari, muzeylar, kutubxonalar, jamgʻarmalar, arxivlar, islom qoʻlyozmalari markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va boshqa tegishli tuzilmalarni birlashtiradi.
Alyansning asosiy maqsadi – barqaror xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshma ilmiy, taʼlimiy, madaniy, muzey va raqamli loyihalarni amalga oshirish, tajriba va ilgʻor amaliyotlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda islom sivilizatsiyasining ijodiy yutuqlarini jahon madaniy va intellektual merosining muhim tarkibiy qismi sifatida saqlash, oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishdir.
2. Islom Sivilizatsiyasi Merosining Jahon Raqamli Reestri
Islom sivilizatsiyasi merosiga oid qoʻlyozmalar, arxiv materiallari, muzey kolleksiyalari, meʼmoriy yodgorliklar, nomoddiy madaniy meros va ilmiy tadqiqotlarni jamlaydigan yagona xalqaro raqamli platformani ishlab chiqish va yuritish taklif etiladi.
3. “Islom Sivilizatsiyasi: Butun Insoniyat Merosi” Xalqaro Dasturi
Islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va taʼlimiga qoʻshgan hissasini yoritishga qaratilgan keng qamrovli xalqaro dasturni amalga oshirish taklif etiladi. Ushbu tashabbus xalqaro koʻrgazmalar, taʼlim loyihalari, ilmiy konferensiyalar, nashriyot faoliyati va madaniy tadbirlarni oʻz ichiga oladi.
4. Xalqaro Islom Sivilizatsiyasi Mukofoti
Islom sivilizatsiyasi merosini oʻrganish, saqlash va targʻib qilishga, shuningdek, ilm-fan, taʼlim, madaniyatlararo muloqot va gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan shaxslarni taqdirlash uchun xalqaro mukofotni taʼsis etish taklif etiladi.
5. Islom Sivilizatsiyasini Oʻrganish boʻyicha Xalqaro Jamgʻarma
Fundamental ilmiy tadqiqotlarni, tarixiy yodgorliklarni restavratsiya qilishni, yosh olimlarni tayyorlashni, nashriyot loyihalarini amalga oshirishni va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro jamgʻarma tashkil etish taklif etiladi.
6. Islom Sivilizatsiyasining Global Raqamli Kutubxonasi
Islom sivilizatsiyasi merosiga bagʻishlangan qoʻlyozmalar, ilmiy asarlar, arxiv hujjatlari, muzey kolleksiyalari, taʼlim resurslari va raqamli koʻrgazmalarni birlashtiruvchi koʻp tilli raqamli kutubxonani tashkil etish taklif etiladi.
7. Islom Sivilizatsiyasining Xalqaro Ensiklopediyasi
Islom sivilizatsiyasi tarixi, taniqli olimlar, taʼlimot maktablari, madaniy yodgorliklar va islom olamining yirik yutuqlariga bagʻishlangan keng qamrovli, koʻp jildli ilmiy ensiklopediyani ishlab chiqish va nashr etish taklif etiladi.
8. Islom Sivilizatsiyasi Merosi Holati Toʻgʻrisidagi Yillik Xalqaro Hisobot
Madaniy va taʼlim merosi obʼyektlarining holati, ilmiy tadqiqot natijalari, dolzarb muammolar va islom sivilizatsiyasi merosini saqlash va oʻrganish boʻyicha xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini aks ettiruvchi tahliliy hisobotni yillik tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish taklif etiladi.
9. Xalqaro Yoshlar Islom Sivilizatsiyasi Forumi
Yosh olimlar, tadqiqotchilar, talabalar va madaniy meros mutaxassislari oʻrtasida doimiy xalqaro muloqot maydonchasini tashkil etish taklif etiladi. Maqsad – islom sivilizatsiyasi sohasida yangi avlod olimlarini tarbiyalashdir.
10. Islom Madaniyati, Sanʼati va Sivilizatsiyasi Muzeylarining Xalqaro Ittifoqi
Turli mamlakatlarning yetakchi muzeylari, muzey majmualari, galereyalari va ixtisoslashtirilgan muassasalarini birlashtiruvchi Islom Madaniyati, Sanʼati va Sivilizatsiyasi Muzeylarining Xalqaro Ittifoqini tashkil etish taklif etiladi.
Ittifoq xalqaro muzey hamkorligini rivojlantirish, qoʻshma koʻrgazmalar tashkil etish, ilmiy-tadqiqot va restavratsiya, taʼlim va raqamli loyihalarni amalga oshirish, kolleksiyalar, ilgʻor tajriba va mutaxassislar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, islom madaniyati, sanʼati va sivilizatsiyasi merosini saqlash, oʻrganish va targʻib qilishga qaratilgan.
Birinchi Xalqaro Islom Sivilizatsiyasi Forumida saylangan Forumning Xalqaro Kengashini doimiy muvofiqlashtiruvchi organ sifatida saqlab qolish. Unga Forum ishtirokchilarining barcha tashabbuslari va takliflarini birlashtirish, 2030-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan qoʻshma harakatlar boʻyicha xalqaro “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash hamda ushbu “yoʻl xaritasini” Forum ishtirokchilari, xalqaro tashkilotlar va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga ushbu Deklaratsiyani amalga oshirishning amaliy mexanizmi sifatida taqdim etish vazifasini yuklash.
Biz, Forum ishtirokchilari, davlatlarni, xalqaro tashkilotlarni, ilmiy muassasalarni, universitetlarni, muzeylarni, kutubxonalarni va jamoat tashkilotlarini tinchlik, oʻzaro hurmat, taʼlim va islom sivilizatsiyasining boy merosini jahon madaniy xazinasining muhim tarkibiy qismi sifatida saqlash yoʻlida ushbu tashabbuslarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga chaqiramiz.