O‘ZBЕKISTON VA AQSh O‘RTASIDAGI STRATЕGIK HAMKORLIK BO‘YICHA MULOQOT BORASIDA QO‘SHMA BAYONOT
O‘ZBЕKISTON VA AQSh O‘RTASIDAGI STRATЕGIK HAMKORLIK BO‘YICHA MULOQOT BORASIDA QO‘SHMA BAYONOT
2024-yil 13-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov hamda AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu Vashington shahrida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi to‘rtinchi yillik Strategik hamkorlik muloqotiga rahbarlik qildi.
Mazkur muloqot xavfsizlik, iqtisodiyot va madaniy-gumanitar hamkorlik sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirish va kengaytirish uchun muhim maydon hisoblanadi. Ushbu uchrashuvning hamkorlikni mustahkamlash va ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdagi hayotiy ahamiyatini tan olgan holda, tomonlar uning maqomini Strategik hamkorlik bo‘yicha kengaytirilgan muloqoti maqomi darajasiga ko‘tarishga kelishib oldilar.
Delegatsiyalar O‘zbekiston Respublikasi va AQSh o‘rtasidagi iqtisodiyot, inson huquqlari, xavfsizlik va madaniy-gumanitar aloqalar sohasida rivojlanayotgan hamkorlikni muhokama qildi. AQSh O‘zbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashdagi o‘zining doimiy sodiqligini tasdiqladi.
Ikki tomon yaqin maslahatlashuvlarni davom ettirish zarurligini ta’kidlab, muhim foydali qazilmalarni qazib olish hamda O‘zbekistonning tabiiy gaz infratuzilmasini modernizatsiya qilishni o‘z ichiga olgan yangi hamkorlik yo‘nalishlarini qayd etdilar. O‘zbekiston va AQSh muhim foydali qazilmalar sohasida sentyabr oyida Muhim minerallar bo‘yicha Anglashuv memorandumini imzolash va O‘zbekistonning Minerallar xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikka qo‘shilishi orqali sezilarli yutuqlarga erishdi. Delegatsiyalar o‘zaro iqtisodiy hamkorligini qayd etib, savdo va investitsiyalarni diversifikatsiya qilish, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi islohotlarini ilgari surish, ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini oshirish, iqlim inqirozini birgalikda hal qilish va toza energiyaga o‘tishni qo‘llab-quvvatlashga intilishlarini bildirdilar.
Tomonlar mintaqaviy masalalar, jumladan, “C5+1” diplomatik formati orqali konstruktiv hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha fikr almashdilar. O‘zbekiston va AQSh 2024 yildagi muhim yutuqlar, jumladan, sentyabr oyidagi “C5+1” tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi, “C5+1” muhim minerallar bo‘yicha muloqotni ishga tushirish, AQSh va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi biznes hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birinchi “B5+1” forumi va BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha konvensiyasi ishtirokchi davlatlar konferensiyasi doirasidagi nogironlar huquqlari bo‘yicha birinchi maxsus sessiyasi kabilarni e’tirof etdilar.
Delegatsiyalar xavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidlab, mudofaa, huquqni muhofaza qilish, chegara va bojxona idoralari o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirishga urg‘u berdilar. AQSh O‘zbekistonning sentyabr oyida Bojxona masalalari bo‘yicha o‘zaro yordamlashuv to‘g‘risidagi bitimni imzolashini olqishladi. Bu ikki tomonlama bojxona sohasida hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
AQSh xavfsizlik tahdidlari va zaifliklar borasidagi xavotirlarga jiddiy yondashishini bildirib, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va kiberxavfsizlik sohasida tahdidlarni yumshatish bo‘yicha hamkorlik uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi.
AQSh va O‘zbekiston gender zo‘ravonlikka qarshi kurash va mehnat huquqlari sohasidagi so‘nggi yutuqlarni muhokama qildilar. Tomonlar asosiy erkinliklarni, jumladan, so‘z erkinligi, fikr va e’tiqod huquqini hukumat islohotlari dasturiga muvofiq ilgari surish bo‘yicha o‘z sa’y-harakatlarini davom ettirishga kelishib oldilar.
AQSh O‘zbekistondagi maktablarda USAID tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ingliz tili darsliklari va o‘qituvchilar uchun o‘quv materiallarini qabul qilinishini olqishladi. AQSh, shuningdek, o‘zbek ayollari uchun barqaror iqtisodiy imkoniyatlarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatladi.
Tomonlar madaniy-gumanitar aloqalarni muhokama qildilar va AQSh O‘zbekistonning arxeologiya va madaniy merosni saqlash sohasida mintaqaviy yetakchiligini tan oldi. Shu munosabat bilan Davlat departamenti Samarqanddagi Registon maydoni arxitekturasini tiklash ishlari uchun AQShning Madaniy merosni saqlash elchilar fondi orqali 500 ming AQSh dollari miqdorida grant ajratilishini mamnuniyat bilan e’lon qildi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov va AQSh Davlat kotibi yordamchisi Donald Lu 2025 yilda Toshkentda strategik sheriklik bo‘yicha birinchi kengaytirilgan muloqotni o‘tkazish niyatini yana bir bor tasdiqladilar.