O‘zbekiston delegatsiyasi YUNESKO Ijroiya Kengashi sessiyasida ishtirok etdi
O‘zbekiston delegatsiyasi YUNESKO Ijroiya Kengashi sessiyasida ishtirok etdi
2024-yilning 26-27-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Parij shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Ijroiya Kengashining 219-sessiyasida ishtirok etdi.
Tadbir doirasida 2025-yilda Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish masalasi ko‘rib chiqildi.
YUNESKO rahbariyati va a’zo davlatlar o‘tgan yili YUNESKOning asosiy boshqaruv organi majlisini Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan buyon O‘zbekiston hukumati tomonidan tadbirga tayyorgarlik ko‘rish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Sessiya ishtirokchilari joriy yil 15-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilinganligini yuqori baholadilar. So‘nggi yillarda respublika tomonidan yirik xalqaro tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha to‘plangan boy tajribani hisobga olgan holda, bo‘lajak sessiya muvaffaqiyatli o‘tkazilishiga ishonch bildirildi.
Parij shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi YUNESKO rahbariyati bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarda O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Bosh konferensiya 43-sessiyasini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikning aniq jihatlari muhokama qilindi.
Tashrif doirasida Fransiya Prezidenti Administratsiyasining Kontinental Yevropa bo‘yicha maslahatchisi Bertrand Bushvalter va Fransiya tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Melani Rossel bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Muloqotlarda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga e’tibor qaratgan holda O‘zbekiston-Fransiya hamkorligining dolzarb masalalari, shuningdek, joriy yilga rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlar jadvali va kun tartibi ko‘rib chiqildi.