2023-YILNING BIRINCHI YARIM YILLIK NATIJALARI: IT-PARK KO‘RSATKICHLARI
2023-YILNING BIRINCHI YARIM YILLIK NATIJALARI:
IT-PARK KO‘RSATKICHLARI
O‘zbekiston IT sohasi jadal rivojlanib, yangi marralarga erishmoqda. Mamlakat salohiyati muvaffaqiyatli ishga solinib, xorijiy kompaniyalarni jalb etish uchun tobora ko‘proq imkoniyatlar yaratilmoqda. IT Park Uzbekistan ushbu soha rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda. 2023-yilning birinchi yarmidagi maʼlumotlar IT yo‘nalishida ijobiy dinamika kuzatilayotganidan dalolat beradi.
XIZMATLAR EKSPORTI
2023-yil 1-yarim yilligidagi eksport 2022-yilning yillik eksportidan oshib ketdi.
IT Park rezidentlari eksporti hajmi oʻtgan yilning 1-yarim yilligiga nisbatan 2,7 baravarga o‘sib, 145,3 million AQSH dollarini tashkil etdi. Taʼkidlash joizki, 1-yarim yil yakunlari boʻyicha eksport hajmi 2022-yildagi 140.9 million dollarni tashkil etgan yillik eksportdan oshib ketdi. 2023-yilning 1-yarim yilligidagi eksport ulushining 45% AQShga, 14% Buyuk Britaniyaga, 8% Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga, 33% Singapur, BAA, Shvetsiya, Kanada, Koreya kabi davlatlarga toʻgʻri keladi.
Yo‘nalishlar bo‘yicha IT-xizmatlar eksporti tuzilmasini tahlil qilganda, rezidentlarning BPO xizmatlarining daromadlari 2022-yilning 1-yarim yilligi bilan solishtirganda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega xizmatlarga, xususan, dasturiy ta’minot va o‘yin ishlab chiqish xizmatlariga o‘zgarganligi kuzatilmoqda.
BPO xizmatlari jami eksportdagi ulushining 2022-yilda 63% dan 2023-yilda 20% gacha kamayganini ko‘rish mumkin, ammo o‘yin ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda eksportning sezilarli o‘sishini hisobga olgan holda, 15,2 million AQSH dollarini tashkil etdi (ushbu ko‘rsatkich 0,9 million AQSH dollaridan 16,7 baravarga o‘sdi). Dasturiy mahsulotlar eksporti 60 million AQSH dollarini (15,7 million dollardan 3,8 baravarga o‘sdi), texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatlari esa 10,8 million AQSH dollarini (1,8 million dollardan 6 baravarga o‘sish) tashkil etdi.
Joriy yilning 1-yarim yilligi natijalariga binoan, 2023-yilning yakunigacha IT eksportning umumiy hajmi 300 million AQSH dollarini tashkil etishi kutilmoqda.
XIZMATLAR HAJMI
Rezidentlar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi 5,4 trillion so‘mni tashkil etdi. 2022-yilning 1-yarim yilligida xizmatlar hajmi 2,2 trln. so‘mni tashkil etib, 2,4 barobarga o‘sish kuzatildi. Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning butun davrida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 5,8 trln. so‘mni tashkil etgan.
REZIDENTLAR SONI
2023-yilning birinchi yarim yillik yakuniga ko'ra, IT Park rezidentlarining umumiy soni 1424 ta kompaniya boʻlib, ulardan 986 tasi Toshkent shahrida, 438 tasi esa respublika hududlarida roʻyxatga olingan. Ulardan 296 tasi taʼlim kompaniyalari hisoblanadi, 213 tasi xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalarga toʻgʻri keladi. Birinchi yarim yillikda eksportyor IT-Park rezident kompaniyalari soni 442 taga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 2,2 barobar ko‘pdir.
Yilning birinchi yarmida 408 ta kompaniya IT Park rezidenti maqomini olgan bo‘lsa, 200 ta kompaniya ushbu maqomdan, 144 ta kompaniya rezident maqomini olishdan mahrum etilgan. IT-Park rezidentlari maqomidan mahrum etilishiga o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi sabab bo‘lgan, xususan, 84 ta kompaniya 2022-yil uchun auditorlik xulosasini taqdim etmagan, qolgan 116 nafar IT-park rezidentlari esa 2023-yil uchun choraklik hisobotini taqdim etmagan. Shu bilan birga, IT-Park rezidentlarga nisbatan imtiyozlar qo‘llashni bekor qilish, ularni davlat byudjetiga to‘lash majburiyatlari tiklangan holda chora-tadbirlar ko‘rish maqsadida soliq organlariga ularning ro‘yxati bilan bildirishnoma yuborildi.
TA’LIM KOMPANIYALAR SONI: 296
XORIJIY KAPITAL ISHTIROKIDAGI KOMPANIYALAR SONI: 213
ISH O'RINLARI SONI: 22 140
Bundan tashqari, taqdim etilayotgan imtiyozlar tufayli IT Park rezidentlari tomonidan joriy yilning birinchi yarmida 4100 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Ish bilan ta’minlanganlarning umumiy soni 22 ming 140 nafardan ortiq mutaxassisni tashkil etdi.
KOMPANIYALAR UCHUN IMKONIYATLAR
KORPORATIV SOLIQ – 0%
IJTIMOIY SOLIQ – 0%
DAROMAD SOLIG’I – 7,5%
XIZMATLAR BO‘YICHA QQS – YO‘Q
2023-yilda O‘zbekistonga yangi IT-kompaniyalarni jalb qilish va mavjud IT Park rezidentlarini yangi bozorlarga chiqishda qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Zero Risk”, “Local2Global”, “Global Excellence” kabi yangi dasturlar ishga tushirildi.
Dasturlar dastlabki risklarni kamaytirish, xalqaro IT-autsorsing va BPO kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga jalb qilish uchun global maslahatchilar va “siteselector”lar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, mamlakatni yangi autsorsing bozori sifatida tanitish hamda mamlakat brendini yuksaltirish imkonini beradi. Mavjud rezident kompaniyalarga eksport bo‘yicha konsultatsiya xizmatlari uchun kompensatsiya, kompaniya mijozlari uchun O‘zbekistonga to‘liq moliyalashtirilgan sayohat, eksport bo‘yicha murabbiylik dasturi taqdim etiladi.
Bundan tashqari, rezident kompaniyalarga o‘z salohiyatini va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytirish maqsadida Yaponiyadagi “JAPAN IT WEEK”, AQSHda “Plug and Play Silicon Valley Summit”, Hindistonda “INDIASOFT 2023”, Buyuk Britaniyada “BETT”, Shotlandiyadagi “CX Outsourcers Forum”, Irlandiyada “Dublin Tech Summit”, Germaniyada O‘zbekiston-Germaniya Biznes Forumi, BAAda “STEP Conference”, Qirg‘izistonda “Central Asia Game Show” (CAGS), Qozog‘istondagi “Digital Almaty” va boshqa ko‘plab tadbirlarda ishtirok etish imkoniyati berildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirish bo‘yicha “Amazon Web Services EMEA SARL” (Germaniya), “Google” (AQSh), “ACIR” (Ispaniya), “Enterprise Singapore” (Singapur), “Singapore Business Federation” (Singapur), “Gemx Technologies” (Singapur), “ASPA” (Koreya), “Daegu Technopark” (Koreya, “Science Park of Mongolia” (Mo‘g‘uliston), “Bandung Technopark”(Indoneziya) hamda “Global 500” (Gruziya, AQSH) va “ITC Iran TVTO” (Eron) kabi kompaniya va tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
IT-Viza. Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 1-apreldan boshlab IT-Park rezidentlari qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalarga ega bo‘ldilar. Mutaxassislar va investorlar, shuningdek, IT Park rezidentlarining xorijiy ta’sischilariga 3 yillik IT-Vizasini olish imkoniyati beriladi:
• IT-Parkning xorijiy ta’sischilarining dividendlaridan olinadigan daromad solig‘i stavkasi 10 foizdan 5 foizgacha pasaytirildi;
• Xorijlik mutaxassislarni O‘zbekiston hududida ishlash huquqi uchun ruxsatnoma olmasdan jalb qilish;
• IT-Park rezidentlari ish/xizmatlarni eksport qilishdan tushgan tushumning bir qismi sifatida o‘zlarining xorijiy ta’sischilari va mutaxassislariga dividendlar va ish haqini debet kartalari bo‘yicha xorijiy valyutada to‘lash huquqiga ega bo‘ldilar;
• IT Park rezidentlari virtual ofis xizmatidan foydalanishlari mumkin, bu esa xodimlarga masofadan turib ishlash imkonini beradi va kompaniyani ofis maydonini ijaraga olishdan ozod qiladi. Bundan tashqari, virtual ofisdan foydalanish kompaniyani yuqori soliq xavfi sifatida tasniflash uchun asos bo‘lmaydi.
Kreditlar. Sifatli IT- taʼlimning asosini yaratish va soha qiziquvchilarga, shuningdek, IT Park rezidenti boʻlgan taʼlim muassasalari bitiruvchilariga uskunalar xarid qilish uchun kreditlar berish imkoniyati taqdim etildi. Qarz mablagʻlari 2 yil muddatga taqdim etilib, uning foizi Yoshlar ishlari Agentligi budjeti hisobidan qoplanadi. Asosiy qarzni qarz oluvchining oʻzi toʻlaydi.
Kreditlarni “One Million Uzbek Coders” platformasidagi kurslarni maksimum ikki oy oldin tamomlaganlik sertifikatiga ega boʻlganlar yoki oxirgi 6 oy davomida IT Park rezidenti hisoblangan tashkilotlarning IT sohadagi oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganlik haqidagi sertifikatga ega boʻlganlar olishi mumkin.
Taʼlim. Kompleks chora-tadbirlarning amaldagi isboti oʻlaroq, Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyundagi 297-sonli (“IT-Park University” raqamli universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi) qaroriga muvofiq mamlakatimizda IT Park University ilk onlayn oliy ta’lim muassasasi tashkil etildi. Yangicha formatdagi oliygoh asoschilari IT Park va “EPAM Systems” kompaniyasi hisoblanadi.
Bundan tashqari, 2022-yilda Oʻzbekistonda “Plug and Play” global innovatsion platformasining texnik markazi ochilgani Oʻzbekiston startap ekotizimlari uchun ajoyib voqea boʻldi.
REJALAR
Yaqin orada, IT Park rezidentlari uchun faoliyat turlarining kengaytirilishi rejalashtirilmoqda, ular qatoriga kreativ iqtisodiyot, kibersport, akseleratorlar kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar kiradi. Shuningdek, tashkilot Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ham vakolatxonalar ochishni rejalashtirmoqda. Qolaversa, IT Park eng yirik korporatsiyalarning mintaqaviy shtab-kvartiralarini O‘zbekistonga jalb etishni ham reja qilmoqda.