O‘zbekiston va Belarus tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Belarus tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi
2023-yil 14-iyul kuni Minsk shahrida O‘zbekiston va Belarus tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiyalarga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov va Belarus Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Igor Nazaruk boshchilik qildi.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, ikki davlatning ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalari muhokama qilindi.
Iqtisodiy diplomatiyani, jumladan, hududlararo darajada faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Tashqi savdo sohasida yetarlicha foydalanilmagan salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Ikki davlat bozorlarida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ayirboshlashni jadallashitirish hisobiga oʻzaro savdo hajmini oshirishga qiziqish bildirildi. Farmatsevtika, veterinariya, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar kun tartibidan madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish ham joy oldi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar ilm-fan va ta’lim sohasidagi sheriklikni chuqurlashtirishga, xususan, ikki mamlakatning yetakchi ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ayrim jihatlari ko‘rib chiqildi.