O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashi majlisidagi nutqi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashi majlisidagi nutqi
Hurmatli rais!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida barcha ishtirokchilarni samimiy qutlashdan mamnunman.
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri janob Narendra Modiga bugungi uchrashuvimizni tashkil etgani uchun bildirilgan barcha minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman. Hindistonning SHHTga birinchi raisligi muvaffaqiyatli bo‘lganini qayd etamiz.
Samarqand sammitida erishilgan kelishuvlarga muvofiq ko‘p qirrali hamkorligimiz jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tmoqchiman. Biz tashkilotimizni yanada kengaytirish va isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni amalga oshirishni boshladik.
Fursatdan foydalanib, Eron Islom Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga kirishi bilan bog‘liq barcha tartib-taomil jarayonlari yakuniga yetgani va ushbu davlatning tashkilotga a’zo bo‘lgani bilan Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyga bildirilgan tabriklarga qo‘shilaman.
O‘zbekiston, shuningdek, SHHTga a’zo davlat maqomini olish maqsadida Belarus Respublikasining majburiyatlari to‘g‘risida qabul qilinayotgan qarorni ham to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Barchamiz xalqaro munosabatlar tizimida davom etayotgan tub o‘zgarishlarning guvohi bo‘lib turibmiz.
Afsuski, geosiyosiy keskinlik va mojarolarning kuchayishi kuzatilmoqda, global xavfsizlik va barqaror rivojlanishga nisbatan yangi tahdid va xavf-xatarlar paydo bo‘lmoqda, ekologiya, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi sohalarida tahdidlar avj olmoqda. Shu munosabat bilan konstruktiv va ishonchli muloqotni yo‘lga qo‘yish o‘tkir zaruratga aylanib borayotgani o‘z-o‘zidan ayondir.
O‘zbekiston bahs va mojarolarni hal etish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha maqbul yechimlarni izlash va qarorlarni qabul qilishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti markaziy o‘rin egallashi kerak, degan prinsipial pozitsiyaga rioya qiladi.
Ta’kidlash joizki, o‘zaro muloqot va ishonch borasidagi chora-tadbirlarni mustahkamlash maqsadida o‘tgan yili umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi birdamlik bo‘yicha Samarqand tashabbusini ilgari surgan edik.
Global miqyosda kun tartibida turgan eng dolzarb muammolarni muhokama qilish, ularning bepoyon mintaqamizga ta’sirini baholash va o‘zaro hamkorlikda takliflar ishlab chiqish maqsadida biz BMT, boshqa nufuzli xalqaro sheriklar bilan birgalikda mazkur Tashabbusning doimiy platformasini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqdamiz.
Qadrli hamkasblar!
SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lidan borar ekanmiz, bugun biz tashkilotimizning muvaffaqiyati uning asosiy tamoyillariga qat’iy rioya etish asosida ta’minlanishini yaxshi tushunamiz. Bular – tashkilotning blokdan tashqari maqomi, ochiqlikka qat’iy sodiqlik, teng huquqlilik va qarorlarni konsensus asosida qabul qilish tamoyillaridir.
Eng muhimi, bizning hamkorligimiz turli manfaatlar, yondashuvlar, qarashlar va tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi madaniy tafovutlarni o‘zaro hurmat qilish va konstruktiv idrok etishga asoslanadi.
SHHTni rivojlantirishning hozirgi bosqichida biz uning mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalarni hal qilishda samarali xalqaro tuzilma sifatidagi yetakchilik rolini saqlab qolish va kuchaytirish juda muhim, deb hisoblaymiz.
Shu munosabat bilan tashkilot doirasida qabul qilingan kelishuv va qarorlarni inventarizatsiya qilish, hamkorlik institut va mexanizmlari faoliyatini auditdan o‘tkazish, tashkilotimizni modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlarning amalga oshirilishini jadallashtirishni maqsadga muvofiq, deb bilamiz.
Milliy tahlil markazlarini birlashtirgan Ekspertlar forumi doirasida SHHT istiqbollari bo‘yicha qo‘shma tadqiqot loyihasini amalga oshirishni ham taklif etamiz.
Bunday ishlar natijalarini navbatdagi sammitimiz davomida ko‘rib chiqishimiz mumkin.
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
Bugungi uchrashuvimiz kun tartibidan kelib chiqib, SHHT doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflarimizni qayd etib o‘tmoqchiman.
Birinchi. Biz “Shanxay ruhi”ga muvofiq, tashkilot doirasida o‘zaro hamjihatlik va anglashuvni mustahkamlashni hal qiluvchi vazifa deb bilamiz.
Biz SHHTning yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surmoqdamiz. Ushbu hujjatning qabul qilinishi yangi sharoitlarda ustuvor vazifalarni belgilab olish, ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha umumiy yondashuvlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Ikkinchi. SHHT mintaqasi – bu ulkan iqtisodiy imkoniyatlar maydoni, tashkilotimizga a’zo barcha mamlakatlar uzoq muddat davomida barqaror rivojlanishi uchun platforma va resurs bazasidir.
Xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha jahon yalpi mahsulotining uchdan bir qismi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning qariyb 27 foizi va jahondagi savdo hajmining 20 foizi SHHT ulushiga to‘g‘ri keladi.
Tashkilotimizga a’zo davlatlar sanoat va innovatsion taraqqiyot ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchilik qiladi, ulkan intellektual salohiyatga, energetika va agrar sohada boy resurslarga ega.
Shu munosabat bilan bugungi kunda ichki, ya’ni, mintaqaviy savdo va sanoat-texnologik kooperatsiyani rivojlantirish uchun umumiy makonni shakllantirish bo‘yicha tashabbusni ilgari surish har qachongidan ham dolzarbdir.
Hukumatlarimiz va mutasaddi idoralarimizga SHHTning innovatsion taraqqiyot, raqamlashtirish va robotlashtirish, sun’iy intellekt, biotexnologiya, farmatsevtika va sanoatning boshqa istiqbolli tarmoqlarini qamrab oluvchi Yangi iqtisodiy muloqot dasturini qabul qilish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berishni taklif qilaman.
Bunday loyihalarni ilgari surish maqsadida O‘zbekistonda SHHTga a’zo davlatlar mintaqalarining innovatsion sherikligi haftaligini, yuqori texnologiyalarning qo‘shma ko‘rgazmasi bilan birgalikda o‘tkazish niyatidamiz.
Uchinchi. SHHT makonida transport-kommunikatsiyaviy bog‘liqlikni kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish muhimdir.
Hozirgi vaqtda biz Shimol–Janub va Sharq–G‘arb magistral yo‘llarini rivojlantirish bo‘yicha bir qator strategik loyihalarni faol ilgari surmoqdamiz. Shu borada Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha amaliy ishlar boshlanganini aytib o‘tmoqchimiz. Biz ushbu yo‘nalish bo‘ylab, shuningdek, Afg‘oniston orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga olib chiqadigan Eron va Pokiston portlari tomon multimodal tashuvlarni rivojlantirmoqdamiz.
Tahlilchilarning ma’lumotiga ko‘ra, ushbu loyihalarni amalga oshirish yuk tashish hajmini bir necha barobar oshirish, shuningdek, transport xarajatlarini uchdan bir qismga kamaytirish imkonini beradi.
SHHT davlatlarining transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqligiga doir yagona xaritani ishlab chiqishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Bu mavjud “to‘siqlar” va “bo‘shliqlar”ni aniqlash, umumiy, o‘zaro integratsiyalashgan transport-tranzit tizimini shakllantirish uchun ustuvor chora-tadbirlar va loyihalarni belgilab olish imkonini beradi.
Ushbu masalalarni mamlakatlarimiz transport vazirlarining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishida yirik transport-logistika kompaniyalari, operatorlar va ekspeditorlar, tahlilchi va ushbu soha mutaxassislarini keng jalb etgan holda batafsil ko‘rib chiqishni taklif etamiz.
Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida O‘zbekistonda Mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik markazini tashkil etish bo‘yicha tashabbusimizni ham hamkorlarimiz qo‘llab-quvvatlashiga umid qilamiz.
To‘rtinchi. “Yashil” kun tartibiga oid masalalarga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Bugungi kunda barcha mamlakatlarimiz bu borada ko‘p ishlarni olib bormoqda. Biroq SHHT maydonida iqlim o‘zgarishiga moslashish, dekarbonizatsiya va “toza” texnologiyalarni joriy etish, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va suvdan tejamkorlik bilan foydalanishni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yanada yaqin muvofiqlashtirish va amaliy hamkorlik zarur.
Biz tashkilotimiz makonida keyingi yil – Ekologiya yili deb e’lon qilinishini qo‘llab-quvvatlaymiz.
“Yashil belbog‘” dasturi doirasida Mintaqaviy ekologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini tayyorlashni taklif qilamiz. Ushbu ishni O‘zbekistonda tashkil etilayotgan Markaziy Osiyo atrof-muhitni o‘rganish va iqlim o‘zgarishi universiteti negizida tashkil etish mumkin.
Beshinchi. Oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq xatarlar ortib borayotgani munosabati bilan Oziq ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan birgalikda joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekistonda mazkur masala bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz.
Ushbu tadbirning alohida sessiyasi mazkur masalani global darajada hal etishga amaliy hissa qo‘shish uchun umumiy tamoyil va yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida SHHT davlatlari hamkorligiga bag‘ishlanadi.
Ushbu konferensiyada sizning mamlakatlaringiz delegatsiyalarini faol ishtirok etishga taklif qilamiz.
Oltinchi. Turizm sohasidagi hamkorlik asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda sifatli va maqbul narxlardagi umummintaqaviy sayyohlik mahsulotlari yetishmasligi yaqqol sezilmoqda.
SHHT mintaqasida Turizmni rivojlantirish yilida turizm ma’muriyatlari, yetakchi operator va aviakompaniyalar o‘rtasidagi aloqalarning faollashuvini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Samarqand shahridagi "Ipak yo‘li" xalqaro universitetida shu yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasining yubiley sessiyasi doirasida SHHT turizm industriyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazishni taklif etamiz.
Yettinchi. SHHT mamlakatlari boy madaniy-gumanitar salohiyatga ega.
Ushbu yo‘nalishda muvofiqlashtirilgan siyosatni amalga oshirish mamlakatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradi, deb hisoblaymiz.
Shu munosabat bilan biz faol madaniy almashinuvlar bo‘yicha yillik taqvimlarni shakllantirish amaliyotini joriy etishni taklif qilamiz. Xalqlarimizning betakror tarixiy merosi bo‘yicha qo‘shma ko‘rgazmalar, bevosita hamda elektron platformalar asosidagi konsertlar, teatrlar gastrollari, forumlar, kinofestivallar va taqdimotlar ushbu taqvimdan o‘rin oladi.
Ilmiy va ta’lim dasturlarini kengaytirish, tashkilotga a’zo mamlakatlar tillarida xalqlarimizning adabiy merosini tarjima qilish va nashr etish bo‘yicha tizimli ishlarni olib borish muhimdir.
Shuningdek, “SHHT – ilg‘or g‘oyalar va kelajak tashabbuslari makoni” mavzusida yoshlar o‘rtasida muloqotni kengaytirish bo‘yicha tadbirlar dasturini tayyorlash tashabbusini ilgari surmoqdamiz.
Sakkizinchi. Mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishi mintaqada yagona va bo‘linmas xavfsizlikni ta’minlash bilan chambarchas bog‘liq.
Hamkasblarim tomonidan SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi faoliyatini faollashtirish bo‘yicha tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman.
Biz Mintaqaviy aksilterror tuzilma kengashining sayyor yig‘ilishlarini o‘tkazish amaliyotini davom ettirishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu ushbu tuzilmaning zamonaviy tahdidlarga tezkor javob berish bo‘yicha imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ko‘p tomonlama muhim hujjatlar – Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda SHHT makonida ekstremistik mafkuraga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma dasturni tayyorlash va qabul qilishni tezlashtirish zarur, deb hisoblaymiz.
Ushbu hujjatlarning hayotga tatbiq etilishi radikallashuv borasidagi xatarlarga munosib javob bo‘lishi, buzg‘unchi kuchlarning o‘z mafkurasini, birinchi navbatda, yoshlar o‘rtasida tarqatishga bo‘lgan urinishlarini zararsizlantirishi lozim.
Hurmatli hamkasblar!
Kun tartibimizda turgan yana bir muhim masala – bu Afg‘onistonda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatdir.
Afsuski, bu mamlakatning muammosi va afg‘on xalqining fojiasi xalqaro kun tartibida ikkinchi o‘ringa surilib qoldi. Keyingi paytlarda xalqaro miqyosda amalga oshirilgan barcha harakatlar kutilgan natijani bermadi. Afg‘oniston aholisining tobora og‘irlashib borayotgan ijtimoiy ahvoli ham shundan dalolat beradi. Buning ustiga ushbu mamlakatga ko‘rsatilayotgan gumanitar yordam hajmi sezilarli darajada kamaydi.
Faqat Birlashgan Millatlar tashkiloti doirasida Afg‘oniston hukumati bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish orqaligina bu muammoga yechimni topish mumkin, deb hisoblaymiz.
Bu ko‘p jihatdan Afg‘onistonning bevosita qo‘shnilari va uzoq muddatli siyosiy yechim topilishidan eng ko‘p manfaatdor bo‘lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlarining siyosiy irodasiga bog‘liq.
Shu munosabat bilan “SHHT – Afg‘oniston” muloqot guruhi shaklidagi birgalikdagi ishlarni va maslahatlashuvlarni qayta tiklash maqsadga muvofiq, deb bilamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Aziz do‘stlar!
So‘zimning yakunida Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikni qabul qilib olgani munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga bildirilgan tabrik va tilaklarga qo‘shilaman.
Siz e’lon qilgan keng ko‘lamli dasturni amalga oshirishda yaqin hamkorlik qilishga tayyormiz.
Shuningdek, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi munosabati bilan aytgan iliq so‘zlaringiz va muvaffaqiyatlar tilaganingiz uchun sizlardan chin dildan minnatdorman.
Ishonchim komilki, uchrashuvimiz natijalari, bugun ilgari surilgan tashabbuslar, qabul qilinadigan muhim qarorlar SHHT makonida serqirra sheriklikni yanada kengaytirishga, xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik va do‘stlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
E’tiboringiz uchun rahmat.