Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillarining uchrashuvi to‘g‘risida
Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillarining uchrashuvi to‘g‘risida
2023-yil 26-may kuni Ashxobod shahrida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari to‘rtinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili T.Hakala, Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili T.Nikklasson, BMT Bosh kotibining maxsus vakili, BMTning Afg‘onistondagi missiyasi rahbari R.Otunbayeva, Jahon banki vakillari (onlayn tarzda) va Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv ishtirokchilari afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni davom ettirish, Afg‘onistonning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, mamlakatning xorijdagi muzlatilgan aktivlariga cheklovlarni yechish zarurligini ta’kidladilar.
Afg‘oniston muvaqqat hukumatiga xalqaro hamjamiyatning inklyuziv va vakillik hukumatini yaratish, fuqarolar, ayniqsa ayollar huquq va erkinliklarini hurmat qilish, Afg‘oniston hududidan terroristik maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi talablarini bajarish yuzasidan murojaat qilindi.
Mintaqadagi suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Qo‘shni davlatlar manfaatlarini o‘zaro hisobga olish, mintaqa suv resurslaridan oqilona foydalanish muhimligi qayd etildi.
Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan umumiy takliflar ishlab chiqish imkoniyatlari mavjudligi ta’kidlandi.
Delegatsiyalar O‘zbekiston Prezidentining BMT shafeligida Xalqaro muzokaralar guruhini tuzish tashabbusini ijobiy baholab, bu BMTning Afg‘oniston bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishda ushbu formatdagi umumiy takliflarning bir qismi bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.