O‘zbekiston va Qatar munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
O‘zbekiston va Qatar munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
2023-yil 7-may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Qatar Davlati tashqi ishlar davlat vaziri Sulton bin Saad Al-Murayxiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda tomonlar jadal rivojlanayotgan O‘zbekiston-Qatar munosabatlarining dolzarb masalalari, qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, siyosiy muloqotni faollashtirish istiqbollari, savdo va investitsiyaviy aloqalar, madaniy-gumanitar hamda sayyohlik almashinuvlarini muhokama qildilar. Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
Shu kuni ikki davlat hukumatlari, diplomatik korpus vakillari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida Qatar Davlatining Toshkentdagi Elchixonasining tantanali ochilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston tomoni Qatarni arab dunyosidagi muhim, ishonchli va istiqbolli hamkor deb bilishini ta’kidladi. Qatar diplomatik vakolatxonasining ochilishi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishi, ularning amaliy mazmun bilan boyishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.