O‘zbekiston delegatsiyasi Hindistonga tashrif buyurdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Hindistonga tashrif buyurdi
2023-yil 4-5-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Shanxay hamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlari Kengashi majlisida ishtirok etish uchun Hindiston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Vazirlar uchrashuvida ShHT doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar, dolzarb mintaqaviy hamda xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
ShHTga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining bo‘lajak yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rishning tashkiliy va mazmuniy jihatlari ko‘rib chiqildi. Vazirlar 2023-yil iyul oyida bo‘lib o‘tadigan Dehli Sammiti davomida imzolanishi taklif etilgan kun tartibi va hujjatlar loyihasini ma’qulladilar.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vazirlari Subramanyam Jayshankar va Bilaval Bxutto Zardoriy bilan ham alohida muzokaralar o‘tkazdi. Unda O‘zbekistonning ushbu davlatlar bilan siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda va mintaqalararo munosabatlarda hamkorligining holati va istiqbollari muhokama qilindi.