Madaniy meros agentligi grantlar ajratish borasida tanlov e’lon qildi
Madaniy meros agentligi grantlar ajratish borasida tanlov e’lon qildi
O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi “O‘zbek xalqining madaniy va moddiy merosi jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida xalqlararo madaniy ko‘prikdir” – muzeylar faoliyatini takomillashtirish va muzeylarda zamonaviy marketing va menejmentni yo‘lga qo‘yish mavzusida 2023-yil uchun grantlar ajratish uchun birinchi tanlovni e’lon qiladi.
Tanlovda barcha – fuqaroligidan qat’i nazar 16 yoshga to‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining quyidagi maqsadlarni nazarda tutgan xalqaro standartlarga molik loyihalari qabul qilinadi:
1. Mamlakatning moddiy madaniy meros obyektlari, muzeylar faoliyatini takomillashtirish, salohiyatini keng targ‘ib qilish va yoritish hamda muzeylar sohasida xalqaro standartlarni joriy qilishni yo‘lga qo‘yish;
2. Muzeylarda zamonaviy marketing va menejmentni yo‘lga qo‘yish va kuchaytirish;
3. Muzeylarning ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirishga ko‘mak berish;
4. Muzey ashyolari va kolleksiyalarini restavratsiya va konservatsiya qilishning zamonaviy usullarini kiritish;
5. Sohada zamonaviy texnologiyalarni, shu jumladan, 7D gologramma shoularni faol tatbiq etishda ko‘maklashish;
6. Muzey tarixi, ashyolar va kolleksiyalarni targ‘ib qilishda eng samarali usullarni qo‘llashni tatbiq etish;
7. Muzeylarga oid eng sara kitob, katalog va boshqa nashrlarni chop etish;
8. Muzeylar sohasining ommaviy axborot vositalari, internet, ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar bilan yaqin ijtimoiy hamkorligini yo‘lga qo‘yish;
9. OAVda, internet tarmoqlarida muzeylar sohasidagi yangiliklar, moddiy madaniy merosimiz haqida qiziqarli ko‘rsatuvlar, seriallar, badiiy filmlar, teatr asarlari yaratish;
10. OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda muzeylar sohasini takomillashtirishga qaratilgan, mamlakatimiz hukumati tomonidan olib borilayotgan islohotlarni yoritib borish va mazkur islohotlarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan bugungi kun qahramonlari obrazlarini yaratish.
Grant ajratish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
1. Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati.
2. Grant loyihasi uchun ishtirokchining arizasi (Agentlik veb saytida shablon kiritilgan).
3. Ishtirokchi jismoniy shaxs bo‘lgan hollarda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari.
4. Oxirgi o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Ustavi (Nizomi) nusxasi.
5. Tashkilotning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi.
6. Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi.
7. Manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining tavsiya hamda qo‘llab-quvvatlash xatlari.
Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 50 million so‘mgacha.
Hujjatlar 2022-yil 15-noyabrdan 15-dekabrgacha qabul qilinadi.
Hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi nomiga “O‘zbekiston pochtasi” orqali yuboriladigan muhrlangan konvertlarda (A4 formatda) quyidagi manzil bo‘yicha qabul qilinadi: 100084, Toshkent shahri, Amir Temur shoh ko‘chasi, 107B-uy.
Hujjatlarni taqdim etish shartlari va namunalari bilan O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining https://madaniymeros.uz rasmiy veb-saytida 2022-yilning 1–15-noyabridan boshlab tanishish mumkin.
Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun ishonch telefoni: (0-371) 200-01-18.