Vladimir Norov Yashil rivojlanish global instituti Assambleyasi Raisi Pan Gi Mun bilan uchrashdi
Vladimir Norov Yashil rivojlanish global instituti Assambleyasi Raisi Pan Gi Mun bilan uchrashdi
2022-yil 24-oktabr kuni “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” 15-hamkorlik forumida ishtirok etish uchun Seul shahrida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yashil oʻsish global instituti (GGGI) Assambleyasi Raisi, BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Yashil oʻsish global instituti oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
2022-yil fevral oyida Oʻzbekistonda GGGI vakolatxonasi faoliyatining yoʻlga qoʻyilganligi iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yengib oʻtish, “yashil” texnologiyalar va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, sanoatni dekarbonizatsiya (uglerod neytralligini taʼminlash) qilish sohasida xalqaro yoʻnalishda eng yaxshi amaliyotlarni oʻzlashtirish, jumladan Koreya tajribasiga asoslangan hamkorlikka keng imkoniyatlar ochayotganining muhimligi taʼkidlandi.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va GGGI oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq, bugungi kunda qiymati 5,9 million AQSH dollarlik “Orol dengizi halokatining oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha Orolboʻyi mintaqasini yashil qayta tiklash” loyihasi amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, Orolboʻyida “yashil” qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta tiklanadigan energiya sohasida loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Oʻz navbatida, Pan Gi Mun Markaziy Osiyoning ekologik muammolaridan yaxshi xabardor ekanini, Orolboʻyida bir necha bor boʻlganini, u yerda Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlari haqida shaxsan bilishini taʼkidladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy tashabbusi, shuningdek, “Yashil iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha Harakatlar strategiyasi” hamda Oʻzbekistonda qabul qilingan qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish dasturiga alohida eʼtibor qaratdi.