Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekistonda professional taʼlimni rivojlantirishga koʻmaklashmoqda
Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekistonda professional taʼlimni rivojlantirishga koʻmaklashmoqda
2022-yilning 11-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Sadoqat Siddiqova, TIV Iqtisodiy diplomatiya departamenti va mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari ishtirokida Oʻzbekistonda aholini kasb-hunarga tayyorlash hamda professional taʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan videokonferens shaklida yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilish davomida xorijiy davlatlarning kasbiy taʼlim sohasidagi yetakchi oʻquv muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatish, qoʻshma dasturlarni yoʻlga qoʻyish, dual taʼlimni tashkil etish, diplomatik vakolatxonalar biriktirilgan hududlardagi taʼlim muassasalariga malakali xorijiy ekspertlarni jalb qilish, grant loyihalarini ishlab chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Jumladan, toʻqimachilik sohasida kasbiy taʼlim tizimini oʻrganish maqsadida mamlakatimiz delegatsiyasini Bangladesh va Hindiston davlatlariga tashrifini tashkillashtirish, hududlardagi professional taʼlim muassasalariga Germaniya, Xitoy, Italiya, Fransiya, AQSH, Buyuk Britaniya davlatlaridan yetakchi ekspertlarni jalb qilish, xalqaro moliya institutlarining grant mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha asosli va aniq takliflar ishlab chiqiladi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha ushbu yoʻnalishdagi yaqin hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.