Koʻrfaz arab mamlakatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi bilan uchrashuv toʻgʻrisida
Koʻrfaz arab mamlakatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi bilan uchrashuv toʻgʻrisida
2022-yil 4-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Naif al-Hajraf bilan uchrashdi.
Uchrashuvda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi va unga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlar sezilarli darajada faollashib, yangi amaliy mazmun bilan boyib borayotgani taʼkidlandi.
Ilgari erishilgan kelishuvlar, jumladan, 2021-yilda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibiyati oʻrtasida oʻzaro maslahatlashuvlar mexanizmi boʻyicha Anglashuv memorandumi doirasidagi kelishuvlarni amalga oshirishning borishi koʻrib chiqildi.
N.Hajraf Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Oʻzbekistonni mintaqadagi asosiy davlatlardan biri deb bilishini hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholashini taʼkidladi. Kengashning Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishida mavjud ulkan salohiyatdan yanada samarali foydalanish hamda tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishga tayyorligi taʼkidlandi.
Boʻlajak tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi. Ikki mintaqa oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladigan “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi ” strategik muloqotining joriy yildagi birinchi yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar, jumladan, Afgʻonistondagi vaziyat muhokama qilindi. Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi yaqinda Toshkentda boʻlib oʻtgan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiya yakunlarini ijobiy baholadi. Oʻzbekiston tomonidan ushbu mamlakatga ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar yordam koʻrsatish borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar muhimligi qayd etildi.
Eslatib oʻtamiz, Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi – Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Oʻmon va Saudiya Arabistoni aʼzolari boʻlgan mintaqaviy tashkilot hisoblanadi.