O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b V.Norovning "O'zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya" muloqoti birinchi yig’ilishidagi nutqi
O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b V.Norovning "O'zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya" muloqoti birinchi yig’ilishidagi nutqi
Toshkent shahri , 2022-yil 2-avgust
Hurmatli hamkasblar,
Hurmatli Vazirlar,
1. Shuni alohida ta'kidlashni istardimki, bugungi uchrashuvdan oldin munosabatlarimizdagi juda muhim voqealar – O'zbekistonga Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'anning 2022-yil mart oyida rasmiy tashrifi va joriy yil iyun oyida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning davlat tashrifi bo'lib o'tdi.
2. "O'zbekiston – Ozarbayjon - Turkiya" muloqotining ta’sis etilishu xalqaro munosabatlar va global iqtisodiyotda ro'y berayotgan tez o’zgaruvchan va mavhum jarayonlarni hisobga olgan holda har qachongidan ham dolzarbdir.
O'tgan yillar davomida davlatimiz rahbarlarining siyosiy irodasi va belgilab bergan siyosati tufayli O'zbekistonning Ozarbayjon va Turkiya bilan munosabatlari sifat jihatidan yangi rivojlanish bosqichiga o'tdi, "strategik chuqurlik"ka ega bo'ldi, o'zaro manfaatli hamkorlikning keng istiqbollari ochildi.
Uch mamlakat rahbarlari o'rtasida o'rnatilgan mazmunli muloqot, yuqori darajadagi ishonch va o'zaro tushunish o'zaro hurmat va qo'llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan munosabatlarni rivojlantirishga kuchli turtki bermoqda.
Hurmatli do'stlar!
3. Quvonarlisi, mamlakatlarimiz ko'plab xalqaro masalalar bo'yicha umumiy yondoshuvlarga egalar, zero bir xil maqsadda – Turkiy dunyoni barqaror va izchil rivojlantirish tarafdorimiz.
Joriy yil noyabr oyida O'zbekistonda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitiga tayyorgarlik ko’rish va uni muvaffaqiyatli o'tkazishda yaqin hamkorlik qilishni rejalashtirmoqdamiz.
Biz savdo-iqtisodiy va transport hamkorligimizni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratmoqdamiz.
4. Umumiy sa'y–harakatlarimiz samarasi o’laroq faqat so'nggi besh yil ichida O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi tovar aylanmasi qariyb yetti baravar, Turkiya bilan esa ikki yarim baravar ko'paydi.
Ushbu ijobiy tendensiya, albatta, bu yil ham davom etadi.
Biroq, Ozarbayjon va Turkiya bilan iqtisodiy hamkorlikning erishilgan yuqori suratlari hali-hamon mavjud aloqalar salohiyatiga to'la javob bermaydi.
Bugungi kunda o'zaro manfaatli sheriklikning mavjud imkoniyatlaridan to'la foydalanish uchun barcha sharoitlar mavjud.
5. "Yangi O'zbekistonni rivojlantirish strategiyasi", "Ozarbayjon 2030" va– "Turkiya nigohi 2053" uyg'un strategiyalarida belgilangan o'xshash milliy ustuvorliklar strategik muhim yo'nalishlarda uzoq muddatli hamkorlikni yo'lga qo'yish uchun mustahkam poydevor yaratayotir.
Shu munosabat bilan o'z mintaqalarida etakchi rol o'ynaydigan mamlakatlarimiz mintaqalararo hamkorlikning drayverlari bo'lishlari mumkin.
6. Tarixdan ma'lumki, turkiy xalqlar yashaydigan hududlar ming yillar davomida Sharq va G'arb, Shimol va Janub o'rtasida transport va savdo ko'prigi bo'lib xizmat qilgan.
Shu sababli mamlakatlarimizning mintaqalararo transport yo’laklarini rivojlantirishga intilishi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
O'zbekiston uchun Boku-Tbilisi-Kars temir yo'lining tranzit salohiyatidan foydalanish muhim ahamiyatga ega.
Bugun biz "Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston" temir yo'l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish ustida faol ish olib bormoqdamiz.
Joriy yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo'lib o'tgan ShHT davlat rahbarlari sammitida tegishli uch tomonlama hujjat imzolanishi rejalashtirilgan.
"Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston" temir yo'l koridorini Trans-Kavkaz yo'lagi bilan bog'lash mamlakatlarimiz o'rtasida yagona transport tarmog'ini yaratadi va Xitoydan Yevropaga savdo geografiyasini kengaytiradi, deb hisoblaymiz.
Shuning uchun O'zbekiston Osiyodan Evropaga eng qisqa quruqlik yo'lini ta'minlaydigan Zangezur koridorini tiklashdan manfaatdor.
7. Transafg’on yo’lagining ishga tushishi bilan katta istiqbollar ochiladi.
Joriy yil 26-iyul kuni Toshkent shahrida "Afg'oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish" mavzusida xalqaro konferentsiya o’tkazildi. Unda Afg'oniston muvaqqat hukumatining yuqori martabali delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
“Tolibon” harakati vakillari "Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar" temir yo'lini qurish loyihasini amalga oshirish Afg'onistonni tiklash uchun muhim strategik ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etdilar.
Ushbu loyihani amalga oshirish Markaziy Osiyo orqali eng yirik subregionlar o'rtasida yuklarni tashish muddati va narxini sezilarli darajada kamaytiradi hamda mamlakatlarimizga umumiy aholisi 1,9 milliard va yalpi ichki mahsuloti $3,5 trillion bo'lgan Janubiy Osiyoning istiqbolli bozorlariga to'g'ridan-to'g'ri kirish uchun noyob imkoniyat yaratadi.
O'z mintaqalarida o’tkazish nuqtalari bo’lib kelgan O'zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya faqat "tranzit punktlari" funktsiyasi bilan cheklanib qolmasdan, mavjud transport yo'nalishlari bo'ylab ishlab chiqarish, logistika va savdo punktlarini tashkil etish orqali iqtisodiy yo'laklarni shakllantirishlari kerak.
Bu yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish va tashqi bozorlarga yetkazib berishga imkon beradi.
8. Tashqi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi omillardan biri bu turizm sohasi bo’lib, u iqtisodiyotlarimizning barqaror o'sishini ta'minlashning ishonchli drayveri bo’lib qolayotir.
Mamlakatlarimizni, ayniqsa, yoshlarimizni umumiy tarixiy meros bilan tanishtirish uchun sayohat paketlarini ishlab chiqish va amalga oshirish muhimdir. Bu, o’z navbatida, Toshkent, Boku va Anqara o'rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
9. Mamlakatlarimiz va mintaqalarimizning barqaror rivojlanishini ta'minlash maqsadida muloqotimizga muntazam tus berishni va har yili uchta mamlakatning har birida navbatma-navbat uchrashuvlar o'tkazishni taklif qilamiz.
Fikrimizcha, turli sohalarda uch tomonlama shakldagi hamkorlik istiqbollari bo'yicha aniq g'oyalarni ishlab chiqish uchun O'zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya tahliliy markazlari o'rtasida ilmiy-amaliy konferentsiya tashkil etish foydali bo'ladi.
Ushbu tadbirni Toshkentda barchamiz uchun maqbul vaqtda o’tkazishga tayyormiz.
E'tiboringiz uchun tashakkur!